2007-11-13

Zaburdan 72-sano

ASAF SANOSI

1 Isroilga, ha, barcha dili poklarga
Xudo doim himmatlidir.
2 Mening e'sa oyoqlarim qoqila yozib,
Tovonlarim toyishiga oz qolgan e'di.
3 Men fosiqlar sog'lomligini ko'rdim,
Maqtanchoqlar holiga g'ashim keldi.
4 Ular o'lgundek iztirob chekmaydi,
Tanlari e'sa soppa-sog'lomdir.
5 Ularda xalq dardi yo'q,
Boshqa odamlarday baloga yo'liqmaydilar.
6 Gardanlariga mag'rurlik munchog'in taqib,
Zo'ravonlik libosiga bezanganlar.
7 Ko'zlari semizlikdan qisilib qolgan,
Ko'ngillaridagi xayollar daydib yuradi.
8 Mazax bilan, kek saqlab gapiradilar,
Kibr ham, jabr ham tushmas tillaridan.
9 Og'izlarini ko'kka ko'targanlar,
Zabonlari e'sa erda sudralmoqda.
10 Hatto Xudo xalqi ular tomon yuz burmoqda,
Ularda suv ko'p e'kan, ichgan qonar e'kan.
11 «Tangri qaerdan biladi?
Taoloda bilim bormikan?» – deydilar.
12 Ana shundaydir betavfiqlar,
Bu dunyoda rohat-farog'atdadirlar,
Davlatlari tobora oshib boradi.
13 Men bekorga pok saqlabman yuragim,
Halol qo'lim-la ishlamog'im behuda e'kan!
14 Men har kuni kulfatga yo'liqaman,
Subhdan-subhga adabimni eyapman-ku!
15 Agarda shunday so'zlayman, deganimda,
Sening o'g'illaring nasliga xoinlik qilar e'dim.
16 Buni qanday tushunish kerak deb o'ylaganimda,
Bu menga ovoragarchilikday tuyuldi –
17 To Tangrining aziz makoniga kirib,
Ularning xotimasini tushunib olgunimcha..!
18 Ha, Sen ularni toyg'oq erlarga qo'yding,
Bexosdan tubi yo'q jarlikka uloqtirarsan.
19 Ular nogahon dong qotib qolar,
Dahshatdan supurilib, barham topar.
20 Uyg'onganda tush qanday e'sdan uchib ketsa,
Sen, yo Rabbiy, ularni shunday uyg'otib,
Bema'ni xayollarini barbod qilasan.
21 Mening yuragim qaynab turganda,
Jon-tanim azobda qolganda,
22 Men nodon va johil bo'lib qoldim,
Sening oldingda hayvon kabi e'dim.
23 Biroq men doim Sen bilanman,
Sen mening o'ng qo'limdan tutib turasan.
24 Maslahating ila menga yo'l ko'rsatib,
Oxirida meni sharaf ila qabul qilasan.
25 Osmonda kimim bor Sendan bo'lak?
Erda ham Sendan o'zgasini istamayman.
26 Badanim, yuragim holdan ketmoqda,
Illo Xudo abadiy dilim suyanchig'idir,
E'zgulik qismatim Uning O'zidir.
27 Mana, Sendan uzoqda qolganlar yo'qolur,
Senga xoinlik qilgan har bir kishini nobud e'tasan.
28 Lekin men uchun Xudoga yaqinlashmoq yaxshidir.
Uning barcha ishlarini targ'ib qilay deyman,
Xudoyi Taoloni o'zim uchun panoh bilaman.

No comments: