2007-11-13

Qonunga aloqasiz solihlik

Rimliklarga 3:21 “E'ndi e'sa, Qonunga aloqasiz ravishda Xudo talab qilgan solihlikka e'rishish yo'li aniq-ravshan ko'rinmoqda, bunga Tavrot va payg'ambarlar ham guvohlik beradilar.”

Har bir masihiy imonli Iso Masih bilan chuqur munosabatlarni boshidan kechirmoqchi bo'lsa, u avvalambor qonunga aloqasiz bo'lgan solihlik nimaligini tushinib bilishi kerak. Yuqorida keltirilgan oyatni Pavlusning Rimdagi jamoatga yozgan maktubida topsa bo'ladi. Ushbu maktubda masihiy odam hayoti va kechinmalari to'liqligicha ko'rsatilgan. Albatta Pavlus Muqaddas Ruh ilhomi bilan shu so'zlarni yozgan, shuning uchun shu so'zlarning ma'nosini tushunishimiz shart. Bu gap oddiy tuyulishi mumkin, lekin bu tushunchaning ma'nosini to'liq anglab etish juda qiyin. Qiyin bo'lgani uchun hozirda ko'pgina imonlilar bu gapning ma'nosini tushunmaydilar. Nima, e'ndi Xudovand O'zining ma'naviy qonunidan voz kechmoqchimi? Nima, Xudo e'ndi imonli kishini solih va muqaddas hayot kechirish mas'uliyatidan ozod qildimi? Yuqoridagi gap shunday ma'noni bildiradimi? Buning javobi: Pavlus Rimliklarga 6-bobda aytganidek “Aslo!” Qonunga aloqasiz solihlik degan ibora, imonli solihlik va muqaddaslik darajasiga etishi uchun Xudo o'rnatgan jarayonni bildiradi; bu ibora shunday darajaga etish kerakligidan tonish e'mas.
Xo'sh, kishi qanday qilib qonunga aloqasiz ravishda solih bo'la olar e'kan? Keling, bu savolga javobni topish uchun uchun Muqaddas Kalomdagi oyatga murajaat qilaylik.

Qonun najot bera olmaydi va muqaddas qila olmaydi ham

Birinchi navbatda imonli kishi qonun nima maqsadda berilganligini tushunishi kerak. Xudo ma'naviy (ahloqiy) qonunining aksariyati Tavrotda, ya'ni Muqaddas Kalomning dastlabki beshta kitobida yozilgan. Xudo ma'naviy qonunining e'ng asosiylari albatta O'nta Amr e'di. Qonunning e'ng asosiy maqsadlaridan biri insonga uning gunohkorligini va u qonunni bajarishga ojiz e'kanligini ko'rsatish e'di. Bu degani inson qonunni nazar-pisand qilmasligi mumkin degani e'mas; aksincha qonun orqali inson qonunni bajara olmasligini bilib oldi. Mana shu sababga ko'ra E'ski Ahdning Leviylar kitobida yozilgan qurbonliklar tizimi ham berilgan e'di. Bular hammasining ma'nosi – Xudovand insondan u bajara olmaydigan narsalarni talab qilishi e'di. Xudo haq va odil bo'lgani uchun inson ojizligini tuzatish chorasini, ya'ni qurbonlikni berdi. Demak, qonun najot berish uchun berilmagan e'di, aksincha u haqda Pavel Galataliklarga 3:24-oyatda shunday deb yozadi: “Qonun Masihga boshlovchi murabbiyimiz bo'lgan”. E'ski zamonda insonlar qurbonliklarni imon (ishonch) bilan qabul qilganlaridek, hozirgi kunda ham Masihning qurbonligi ishonch bilan qabul qilinishi kerak. “Zotan Qonun amrlarini bajo qilish bilan hech kimsa Xudo oldida o'zini oqlay olmaydi” (Rimliklarga 3:20).
Demak, Xudo talab qilayotgan solihlikka biz qandaydir qonun yoki qonunlarni bajarish bilan hech qachon e'risha olmasligimiz ayon bo'ldi. Shuning uchun solihlikka e'rishishning mutlaq boshqa yo'li o'rnatilishi va ochib berilishi kerak bo'lib qoldi. Mana shu sabab bilan Xudovand yuragimizda solihlikni o'rnatish uchun imon (ishonch) yo'lini tanladi; ya'ni ishonch orqali Xudo talab qilgan soloihlik yuragimizda huquqiy va amaliy ma'noda o'rnatiladi.

Imon qonuni

Xudoning solihlikka boshlaydigan yo'li ishonch yo'lidir. Ishongan gunohkor kishi o'zining ishonchini Xudoning Qutqarish rejasiga qaratadi, Rabbimiz buning natijasida shu kishini solih deb hisoblaydi. Faqat Iso Masih tug'ilishidan to o'limiga qadar Xudo qonunini to'liqligicha bajara oldi. Ishongan gunohkor kishi Masihga chindan ham imon qo'ygandan keyin kechiriladi va o'sha zahotiyoq Masihga cho'mdiriladi (ruhiy birlashmaga qo'shiladi). E'ndi Masihning komil hayoti shu imonlining hayoti bo'lib qoladi. Mana shu qonunga aloqasiz ravishda solihlikning birinchi bosqichidir. Biz bitta ham qonun amrini bajarmasak hamda ko'pgina amrlarni buzgan bo'lsak ham, Masih bilan birlashganimiz natijasida Xudovand bizga solihlikni beradi.
Ikkinchidan, shu solihlik ikkinchi tomondan harakat qila boshlaydi. Ya'ni solihlik hayotimizda o'z ishini amalga oshira boshlaydi va bu bizning xatti-harakatlarimiz, fikrlarimiz va ishlarimizda namoyon bo'la boshlaydi. Yana qaytarib aytamizki, bunday amaliy solihlikka o'sish jarayoni faqat ishonch orqali sodir bo'ladi. Imonli kishi doimiy ravishda Masihning bitirgan ishiga ishonsa, ya'ni shu ish orqali Muqaddas Ruh qudrati va ta'siri imonli kishida namoyon bo'lishiga ishonsa, Xudo doimiy ravishda imonlining hayotida solihlikni rivojlantira boradi. Bularning hammasi Iso Masihga, hatto Uning xochga mixlanganiga ishonish orqali amalga oshadi!

Bu yangi reja e'mas

Qonunga aloqasiz solihlik doim Xudoning rejasida e'di. Shuning uchun ham Pavlus bu rejaga “Tavrot va payg'ambarlar ham guvohlik beradilar” deb ta'kidlaydi. Agar biz Muqaddas Kalomni sinchiklab o'qisak, Xudoning yo'li asosida solihlikka e'rishish uchun yaxshi ishlar e'mas, balki ishonch kerakligini ko'ramiz. Bu rejani Xudo dunyo bino bo'lishidan ilgari o'ylab topgan e'di; keyin E'ski Ahdda uni ozgina-ozginadan namoyon qila boshladi, O'z O'g'li Iso Masihning hayoti va qurbonligi orqali uni ochiq ko'rsatdi va mana e'ndi shu in'omni ishonch bilan qabul qilishga tayyor bo'lgan har bir kishiga Xudo solihlikni hadya qilmoqda.

Siz bunga nima deysiz? Xudoga ishonasizmi? Uning oldiga o'z solihligingiz bilan yaqinlashmoqchimisiz yoki Isoga ishonib Uning solihligi bilan yaqinlashasizmi? Sizga hozir Xudo mana shu so'zlar oqali murojaat qilyapti – oldingizda hayot va o'lim turibdi, qaysi birini tanlaysiz. Yaxshisi hayotni tanlang va abadiy hayotga, Iso Masihga ishonish orqali e'rishing.
Shu sahifa, maqola borasida savollaringiz bo'lsa, iltimos izoh (comment) so'zini bosib – o'z fikrlaringizni yozib qoldiring. Umuman boshqa savollar bo'lsa ham xuddi shunday qilib bizga yozib yuborsangiz bo'ladi. Xudo sizga yor bo'lsin va barakatlasin!

No comments: