2010-09-25

Muқaddas Kalom programmasi

Aziz birodarlar va opalar, yaqinda men Muqaddas Kalomni tekin programmasini topib qoldim, u o'zbek tilida ekan! Ichida yangi tarjima qilingan kitoblar ham bor ekan, masalan Isha'yo, Daniil va shu kabi Eski Ahd kitoblari bor. Shu bilan birga Yangi Ahdning hamma kitoblari va Eski Ahdning ayrim kitoblarining audio yozuvlari ham bor. Ularni ko'chirib olib, keyinchalik shu programma orqali eshitsangiz bo'ladi. 

Mana quyidagi bog' orqali shu programma sahifasiga kirasiz va o'sha erda o'zbek tilidagi fayllarni ko'chirib olib, ularni komp'yuteringizga o'rnatsangiz bo'ladi. O'sha erda tushintirishlar berilgan, biroq sizda savol tug'ilib qolsa, menga xat yozsangiz bo'ladi, qo'limdan kelganicha yordam beraman.

http://www.ibt.org.ru/russian/bible/info_bible.htm

Galatiyaliklarga yo'zilgan maktub talqini (2:20-21)

20-oyat 
"Endi yashayotgan men emas, balki Masih mening ichimda yashayapti. Endi tanada yashayotganimga kelsak, meni sevgan va men uchun O'zini fido qilgan Xudoning O'g'liga bo'lgan imon bilan yashayapman."
Oldingi oyatda Pavlus aytganidek, u Masih bilan birga xochga mixlangan edi. Albatta bu erdagi so'zlarni ko'chma ma'noda, ya'ni ruhiy ma'noda tushunish kerak, chunki Pavlus aslida Masih bilan birga xochga mixlanmagan edi. Biroq Pavlus Isoni qabul qilganida Xudo shu ishna amalga oshirgan edi, shunday qilib Xudo nazarida Pavlus chindan ham Iso bilan birga xochga mixlangan edi. Siz ham Isoni qabul qilgan paytingiz Iso bilan birga xochda mixlangan edingiz, shuning natijasida ichingizda gunoh tabiati kuchsiz holga kelgan edi. Shu haqiqatni bilish orqali siz gunoh tabiati ustidan g'alaba qilishga yana yaqinlashasiz. 
Masih bilan shunday birlashish natijasida endi Pavlus o'zi yashamayapgan edi, balki uning ichidagi Masih u orqali yashayapgan edi. Bu hayot yangi hayotdir, endi hayotimiz manbai yangi bo'ldi, ilgari Odam Ato izidan ketyapgan bo'lsak, endi esa ikkinchi Odam bo'lgan Isoning izidan yuramiz. Shuning uchun endi biz o'z kuch-qudratimiz bilan yashamaymiz, balki Muqaddas Ruh kuchi va qudrati bilan yashaymiz. Ya'ni endi nimaiki qilsak, hammasini ichimizdagi Masih amalga oshiradi, Uning O'zi bizga kerakli narsalarni berib, kerak emas narsalarni olib tashlaydi. Bunda bu amalga oshishi uchun biz o'zimiz hech narsa qilmaymiz, balki ishonchimizni Isoga qaratamiz, U esa biz orqali harakat qiladi. Albatta shu bilan birga, Iso bizga bergan istaklar amalga oshirish uchun biz ish qilamiz, faqat bu ishni biz orqali Iso qilyapgan bo'ladi. Biz Iso bilan shunchalik chambarchas bog'lanib qolamizki, Isosiz biz o'zimizni tasavvur qila olamayiz va Uning inoyati daryosida, oqim bo'yicha suzib ketaveramiz.
Aynan mana shu oyatda biz doim, har kuni, har soniya va har bir vaqtda ishonchimizni Isoning xochda qilgan ishiga qaratib, yashashimiz kerakligini ko'rsak bo'ladi. Biz Iso bilan birga xochga mixlanib, o'lib va qayta tirilishimiz orqali (Rimliklarga 6:3-5) endi Iso inoyatida yashaymiz va Muqaddas Ruh amri bilan harakat qilamiz. Iso bizni sevib jonini qurbon qilgani uchun biz najot topamiz va undan keyin har kuni shu ishonch orqali biz muqaddaslanamiz. Najot topishning va muqaddaslanishning yagona yo'li shu, bundan boshqa yo'l yo'q. 
Mana siz shuni bilib oldingiz, siz baxtiyorsiz; bu baxtiyorlikni yoningizdagilar ham bilishi uchun Xudoga ibodat qilib qolaman. Bizga ham kimdir kelib shu xabarni aytdi va Xudo inoyati bilan biz ishondik; xuddi shunday qilib boshqa imonlilar va imonsizlarga bu xabarni aytish kerak, aks holda ular uni o'zlari bilib ololmaydi. Xudo sizga donolik va jasurlik bersin!

21-oyat 
"Men Xudoning inoyatini inkor qilmayman. Agar Ilohiy Qonunga amal qilish bilan oqlanish mumkin bo'lganda edi, u holda Masih behuda o'lgan bo'lardi."
Bundan oldingi oyatda qanday qilib Xudo inoyatida yashash ko'rsatilgan, ya'ni doim Isoga va Uning xochda qilgan ishiga ishonchimizni qaratish bilan biz Xudo inoyatida yashaymiz. Mana bu oyatda esa qanday qilib Xudo inoyatidan mahrum bo'lish ko'rsatilgan. Biz inoyat davrida yashayapgan bo'lsakda, biz avtomatik ravishda Xudo inoyatida yashamaymiz, balki buning uchun Xudo bergan yo'l bilan Unga yaqinlashishimiz kerak. Buni bir marta qilib, endi bo'ldi, boshqa bu masalaga qaytib kelmaymiz, degan fikr ham noto'g'ri. Biz najot topish uchun Isoga ishonch qo'ydik, najot topgandan keyin ham doim ishonchimizni Isoga qaratishimiz shart, aks xolda biz inoyatdan mahrum bo'lamiz.
Xudo inoyati doim qonun bilan qarama qarshi xolatda bo'ladi. Bu oyatda ham Pavlus shuni aytadiki, agar men qonunga amal qilish orqali solih bo'lmoqchi bo'lsam, ya'ni shu orqali oqlanmoqchi bo'lsam, unda men inoyatdan yuz o'girgan bo'laman, shuning uchun Muqaddas Ruh ichimda faoliyat qilmaydi va muqaddaslanish jarayoni to'xtab qoladi. Shunday qilib, agar biz qonun (bunda Ilohiy Qonun hamda insonlar o'ylab topgan qonunlar nazarda tutiladi) bilan oqlanaman, desak, Masih bekorga o'lgan degan bo'lamiz. Chunki Iso biz qila olmagan ishni bajarish uchun keldi va shuni bajardi ham, endi esa biz o'zimiz ham qonunni bajara olamiz, desak, demak Isoni yolg'onchiga chiqaramiz va U biz uchun o'lishi kerak emas edi, degan bo'lamiz. Biz aynan shunday so'zlarni aytmasligimiz mumkin, biroq Xudo nazarida biz shunday degan bo'lamiz va shu bilan inoyatni inkor qilgan bo'lamiz. 
Shuni esda tutish kerakki, biz faqatgina Isoga bo'lgan ishonchimiz orqali Xudo oldida oqlanamiz, buning boshqa yo'li yo'q. Isoga bo'lgan ishonchimiz orqali biz najot topamiz, gunohlardan forig' bo'lamiz, tinchlikka ega bo'lamiz, Xudoning farzandi bo'lamiz va muqaddaslanamiz. Aynan Isogi bo'lgan ishonchimiz orqali biz Xudo inoyatiga ega bo'lamiz va shu orqali Xudoga manzur bo'lib yashaymiz. Agar biz Isoga bo'lgan ishonchni chetga surib qo'yib yoki shu imonimizga yana nimanidar qo'shsak, unda biz inoyatdan mahrum bo'lamiz va gunoh ishlari hayotimizda oshib-tosha boshlaydi. Shuni tushinib yetishingiz uchun Xudo Otamizga ibodat qilaman, siz ham ibodat qiling, chunki ruhiy haqiqatlarni faqat Xudoning O'zi vahiy qilib ochib berishi shart, aks holda miyadagi bilim, yuragimizga singmaydi va bunday bilim befoyda bo'lib qoladi.
Hammamizga Xudoning inoyati yor bo'lsin!