2010-12-22

Iso Masihning tug'ilgan kuni bilan tabriklayman!

Iso Masih tug'ilishi haqidagi uyg'urcha masihiy qo'shiqni eshitib ko'ring:

http://www.youtube.com/watch?v=YAR4cEwIGs4

2010-11-15

Galatiyaliklarga yo'zilgan maktub talqini (3:1-5)

1-oyat
“Ey befahm galatiyaliklar! Haqiqatga bo'ysunmaslik uchun sizlarni kim sehrlab qo'ydi? Sizlarning ko'z o'ngingizda İso Masihning xochga mixlab qo'yilgani aniq tasvir etilmaganmidi?”

Galatiyaliklar befahm bo'lib qolgan edi, ya’ni ular ruhiy zehnlarini ishlatmayapgan edilar. Mana shu oyatda Pavlus ularga “shunchalik ahmoq bo'lib qoldilaringmi?” deb aytyapti. Demak Xudoning haqiqatidan uzoqlashgan yoki uni qabul qilmagan odam Xudo nazarida ahmoq bo'lib qoladi. Ular xuddi sehr ostida qolganday edilar, chunki Muqaddas Ruhga ergashmagan imonli kishi bashariy tana bo'yicha yashay boshlaydi va shu bilan Muqaddas Ruh etaklovidan mahrum bo'ladi. Ular haqiqatga bo'ysunmayapgan edi, haqiqat esa “İso Masih xochda mixlangan” degan fikrdan iborat, shu haqiqatga ishonmaydigan va uni qabul qilmaydigan kishi sehr ostida bo'lib, haqiqatni ko'rmaydi va yolg'onga ishonishni boshlaydi. Mana shuning uchun ham Xudo jamoatda havoriylar, payg'ambarlar, xushxabarchi, cho'pon va muallimlarni tayinlaydi, bundan maqsad: ular Xudoning haqiqatini boshqalarga qayta-qayta aytib turib, ularni imonda mustahkam qilishadi. Shu sabab bilan ham Pavlus ularga shu maktubni yozib, ularni haqiqiy yo'lga qaytarishga harakat qilyapti.

Pavlus ular bilan bo'lganda ularga shunday qilib xushxabarni aytgan ediki, ya’ni u kerakli darajada İsoning xochda o'lgani va qayta tirilgani haqida gapirgan ediki, ular xuddi ko'z oldilarida shu hodisa ro'y berganday bo'lgan edilar. Biz ham boshqalarga xushxabarni aytganda, uning markazida doim İso Masih va Uning xochda qilgan ishi bo'lishi shart. Shunda haqiqiy xushxabar o'z ishini bajaradi va odamlar imonga keladi va boshqa mo'’jizalar sodir bo'ladi. Agar bunday xushxabar aytilmasa, buning teskarisi sodir bo'ladi, ya’ni deyarli hech kim najot topmaydi, hech qanday mo'’jizalar bo'lmaydi va qilgan ishdan hech foyda bo'lmaydi. Biz ham Pavlusdan o'rnak olishimizga Xudoim yordam bersin!


2-oyat
“Sizlardan bir narsanigina bilmoqchiman: sizlar Muqaddas Ruhni qanday qabul qildingizlar, Tavrot Qonuniga amal qilish bilanmi yoki imon to'g'risidagi xabarni eshitish bilanmi?”

Pavlus bu oyatda savol berish orqali ularning xatosini ko'rsatmoqchi. Uning savolini aniqroq qilib shunday deb tarjima qilsa bo'ladi: “Siz Ruhni Qonun ishlarini qilish bilanmi yoki İshonchga quloq solish bilan qabul qildingizmi?” Ko'pincha Pavlus shu kabi savollar beradi va ularga javob aniq bo'ladi. Bunday savollarni retorik savol deyishadi. Bu savolga aniq javob bor: ular Muqaddas Ruhni imon bilan qabul qilgan edilar. Bu erda ishonchga quloq solish deganda, inson xushxabar eshitganda İso Masihga va U xochda qilgan ishiga ishonish nazarda tutiladi. YA’ni aynan shunday yo'sinda İsoga ishonish orqaligina inson najot topadi, yuqoridan tug'iladi va o'sha zaxoti Muqaddas Ruh uning ichida maskan topadi. Biz najot topganimizda qandaydir ish bajarmadik, biz faqat İsoga ishongan edik va shu bilan Ruhni qabul qildik. Shu bilan biz imonga bo'ysundik, desak bo'ladi; boshqalarni ham imonga bo'ysunishini biz istaymiz va shuning uchun Ruh etakchiligida boshqalarga shularni aytamiz. Agar ta’limotda adashgan masihiylar bo'lsa, Ruh yordamida ularga to'g'ri yo'lni ko'rsatamiz.

3-oyat
“Sizlar shunchalik fahmsizmisizlar? Muqaddas Ruh kuchi bilan boshlab, endi o'zingizning bashariy kuchingiz bilan bitirmoqchimisizlar?”

Bu oyatda yuqoridagi oyatdagi fikr davom qilinyapti. Galatiyaliklar ishongan ta’limot yolg'on edi, shuning natijasida ular noto'g'ri ish qilishyapgan edi va buni Muqaddas Ruh Pavlus orqali ahmoqlik yoki befahmlik deb atayapti. YAna bu oyatda savol berilgan va unga aniq javob borligini ko'ramiz. Biz najot topganimizda ichimizda Muqaddas Ruh ishlay boshlaydi va shuning uchun bizda ko'p o'zgarishlar sodir bo'ladi. Biroq biz bunday ruhiy o'zgarishlarga o'z kuchimiz bilan erishmadik, buni faqat Xudoning O'zi Muqaddas Ruh orqali amalga oshiradi. Biroq ko'pchilik masihiylar adashib, endi najot topganimdan keyin, men o'z kuchim bilan ruhan yuqori darajaga erishaman, deb noto'g'ri o'ylaydilar. Ko'pchilik nafaqat shunday fikrlaydilar, balki shuni amalga oshirishga tushadilar. Albatta ular hech qachon bunga erisholmaydilar, buni iloji yo'q ish ekanligini avval Kalomdan ko'rsak bo'ladi, shu bilan birga o'z kuchi bilan kamolatga erishgan odamni ko'rmaysiz, chunki biz hammamiz ojiz odammiz.

Shunday qilib, galatiyalik masihiylar najot topganda Ruh orqali najot topishgan edi, biroq shundan keyin o'z kuchlari bilan muqaddaslanmoqchi bo'lyapgan edilar. Biroq birinchi qadamni ishonch bilan qo'yganimizdek, keyingi qadamni ham ishonch bilan qo'yishimiz shart, bundan o'zgacha yo'l yo'q. Afsuski, ko'p masihiylar mana shu haqiqatni bilmaganlari uchun, ular doimiy mag'lubiyatda yuribdilar. Doim g'alabada yurishning yagona yo'li esa shu inoyat xabariga ishonishdir: İso Masihga va Uning xochda qilgan ishi orqali biz inoyatni olamiz va hamma boshqa narsalarni ham shu yo'l bilan olamiz. Shunday ishongan kishi doim gunoh tabiati ustidan g'alaba qilib yashaydi. Bunday qilmagan inson esa doim mag'lubiyatda yashaydi. Sizning hayotingizda shularning qaysi biri sodir bo'lyapti? Siz g'olibmisiz yoki mag'lub?

4-oyat
“Bekorga shuncha sinovlardan o'tdingizlarmi? Haqiqatan ham bekorga edimi?”

İnson İso Masihni qabul qilganidan keyin sinovlardan o'tadi. Odatda atrofdagi odamlar bizga qarshilik qiladi. Umuman olganda bizda uchta dushman bor: shayton (va uning xizmatkorlari), dunyo (dunyodagi Xudoga qarshi bo'lgan tizim) va bashariy tana (o'zimizning kuchimiz va idrokimiz). Shu hamma dushmanlarimiz ustidan bizga faqat İso g'alaba beradi va U allaqachon g'alabani qo'lga kiritdi, biz faqat shunga ishonish orqali o'z hayotimizda shu g'alabani ko'ramiz. Hayotimizda turli xil sinovlar bo'ladi, shular orqali Xudo bizga allaqachon bergan narsalarga biz qanchalik ishonishimizni sinab ko'radi. Xuddi o'qituvchi o'quvchilarga allaqachon o'tilgan darslar bo'yicha imtihon qilgandek, Xudo ham bizga allaqachon bergan narsalari va darslari bo'yicha sinaydi. Demak siz oldingizda turgan sinovdan o'tishga kerakli qurol va bilimga egasiz, faqat İsoga ishoning va Undan g'alabani kuting va shunda g'alabaga erishasiz! Bu oyatda shunday sinovlardan voz kechmang, deyapti, chunki sinovlar maqsad bilan bizga beriladi. Agar ulardan voz kechib, yolg'onga ishonishni boshlasak, unda o'sha sinovlar bekorga bo'lgan bo'lib qoladi.

5-oyat
“Xudo sizlarga O'z Ruhini baxsh etib, orangizda ajoyib mo'’jizalar yaratmoqda. U buni Qonunga amal qilganingiz uchun qilyaptimi yoki eshitganlaringizga imon keltirganingiz uchunmi?”

Bu oyat ikkinchi oyatga o'xshaydi. Xudo bizga Muqaddas Ruhini berishi va oramizda mo'’jizalar yaratishi faqat ishonchga asosan bo'ladi. Xudo doim ishonch asosida bizga nimadir beradi va nimadir sodir qiladi, hech qachon qonun ishlarini bajarish orqali bunday qilmaydi. Shuni bilib oling va shuni tushunib oling. Chunki ayrim paytlari biz haqiqatni tushundim va unga ishonaman, deb o'ylaymiz, biroq o'z hayotimizda shuning teskarisini qilyapgan ham bo'lishimiz mumkin. Shuning uchun siz o'zingizni tekshirib turishingiz kerak, siz imondamisiz, deb o'zingizni tekshiring. Xudoning oldiga kelganda o'zingiz qilgan yoki qilmagan ishlarni sanab chiqasizmi yoki faqat İso Masih men uchun qilgan ishi asosida oldinga keldim, deb aytasizmi? YOki Xudo siz orqali mo'’jiza yaratsa, shuni o'zingiz qilgandek yurasizmi? Birodarim va opam, ishonchingiz doim İso Masihga va U xochda qilgan ishiga qaratilsin!

2010-09-25

Muқaddas Kalom programmasi

Aziz birodarlar va opalar, yaqinda men Muqaddas Kalomni tekin programmasini topib qoldim, u o'zbek tilida ekan! Ichida yangi tarjima qilingan kitoblar ham bor ekan, masalan Isha'yo, Daniil va shu kabi Eski Ahd kitoblari bor. Shu bilan birga Yangi Ahdning hamma kitoblari va Eski Ahdning ayrim kitoblarining audio yozuvlari ham bor. Ularni ko'chirib olib, keyinchalik shu programma orqali eshitsangiz bo'ladi. 

Mana quyidagi bog' orqali shu programma sahifasiga kirasiz va o'sha erda o'zbek tilidagi fayllarni ko'chirib olib, ularni komp'yuteringizga o'rnatsangiz bo'ladi. O'sha erda tushintirishlar berilgan, biroq sizda savol tug'ilib qolsa, menga xat yozsangiz bo'ladi, qo'limdan kelganicha yordam beraman.

http://www.ibt.org.ru/russian/bible/info_bible.htm