2008-12-21

Iso Masih tug'ilishi haqida oyatlar

Luqo bayon etgan xushxabar
2-bob, 1-20 oyatlar

O’sha kunlarda Qaysar Avgust butun Rim dunyosidagi aholi ro’yxatga olinsin degan farmon chiqardi.
Shunday qilib, Suriyada Kviriniy hokimlik qilganda ilk bor ro’yxatga olish sodir bo’ldi.
Har kim ro’yxatdan o’tish uchun o’z shahriga bordi.
Shuningdek, Yusuf ham Jalilaning Nosira shahridan Yahudiyaga, Dovudlar shahri Baytlahmga bordi. Chunki u Dovud nasabi va xonadonidan edi.
U o’ziga unashtirilgan qiz, homilador Maryam bilan birga ro’yxatdan o’tmoqchi bo’ldi.
Ular o’sha erda bo’lganlarida esa Maryamning oy-kuni to’ldi.
U o’zining to’ng’ich o’g’lini tug’di. Uni yo’rgaklab, oxurga yotqizib qo’ydi, chunki musofirxonada ularga joy yo’q edi.
O’sha yurtda cho’ponlar bor edi. Ular tunda suruvlarini poylab, dalada tunar edilar.
To’satdan Xudoning farishtasi ularning oldida paydo bo’ldi va ilohiy nur ularning ko’zlarini qamashtirdi. Bu dahshat cho’ponlarni vahimaga soldi.
Qo’rqmanglar! – dedi ularga farishta. – Men sizlarga el-xalqni cheksiz quvontirajak Xushxabarni keltirdim.
Bugun Dovudlar shahrida sizlar uchun Xaloskor tug’ildi. U Rabbimiz – Masihdir.
Mana, sizlarga Uning belgisi: yo’rgaklangan, oxurda yotgan chaqaloqni topasizlar.
Birdaniga farishta yonida lak-lak samoviy qo’shinlar bo’y ko’rsatdi. Ular Xudoga hamd-sano aytishardi:
“Samodagi Xudoga hurmatu izzat, erdagi bandalarga tinchligu marhamat!”
Farishtalar ular oldidan osmonga ko’tarilgan zamon, cho’ponlar o’zaro so’z qotdilar: Qani kelinglar, Baytlahmga borib, Xudovand bizga bildirgan bu voqeani ko’raylik!
Ular yugura borishib, Maryam, Yusuf va oxurda yotgan chaqaloqni topdilar.
Ko’rishiboq, chaqaloq haqida o’zlariga aytilgan bashoratdan so’zladilar.
Hamma eshitganlar cho’ponlarning gapiga juda hayron bo’lishdi.
Maryam esa bu so’zlarning barini diliga tugib olib, chuqur o’ylab yurdi. Oxiri cho’ponlar:
Biz hamma narsani ayni aytilganidek topdik, - deb, eshitib ko’rganlari uchun Xudoga hamdu sano o’qib, qaytdilar.


No comments: