2008-01-10

Rimliklarga 7-bob

Qonun va gunoh
1Qonunni biluvchilarga so'zim (Pavel Muso Qonuni haqida gapiryapti, biroq bu so'z turli diniy qonunlarga ham taaluqlidir): e'y birodarlar (u imonlilarga gapiryapti), odam tirik e'kan qonun uning ustidan hokim e'kanini nahot bilmasangiz? (kishi qonun bo'yicha yashashga harakat qilganda, qonun uning ustidan hukmronlik qiladi. Ming afsuslar bo'lsinki, muqaddaslanish jarayonida xoch qanday ma'noga e'ga e'kanligini tushunmasdan, juda ko'p masihiylar qonun bajarish orqali Xudo uchun yashashga harakat qilyaptilar. Imonli kishi shuni tushunishi kerak: u faqat ikkita usul bilan Xudo uchun yashashi mumkin, ya'ni inoyat yoki qonun bo'yicha yashashi mumkin. Agar imonli kishi muqaddaslanish jarayonida xochning ma'nosini tushunmasa [zero xoch g'alabaga etaklovchi yagona vositadir], unda u avtomatik ravishda qonun ostida bo'ladi, bu e'sa mag'lubiyatni kafolatlaydi).
2Masalan, e'rli xotin e'ri tirik e'kan, qonun bo'yicha unga bog'liqdir (bu erda Pavel nikoh (turmush) qonunini misol qilib keltiryapti). Lekin e'ri o'lsa, xotin boshi bog'liqlik qonunidan ozod bo'ladi. (ya'ni e'ndi ayol kishi ozod va yana turmush qurishi mumkin).
3Shuning uchun, e'ri tirik xotin boshqa e'rga tegsa, u zinokor sanaladi (bunday holatda Xudoning nazarida ayolning ikkita e'ri bor hisoblanadi; shu misolni keltirish orqali Muqaddas Ruh Pavel orqali bizga buyuk haqiqatni ochib beradi: ko'p masihiylar ruhiy zino qilib yashayaptilar; ular Masih bilan nikohlangan bo'lsalar-da, aslida boshqa xo'jayinga, ya'ni “qonunga” xizmat qilyaptilar; bu juda ham kuchli qiyoslashdir!). Ammo e'ri o'lsa (Iso Masih qonunni butunlay va to'liqligicha bajargani uchun e'ndi qonun o'ldi), xotin qonundan ozod bo'ladi (agar e'r o'lsa, ayol kishi boshqa e'rkakka tegib unga xizmat qilishga e'rkli bo'ladi; Masih Muso Qonunini qoniqtirdi va shuning uchun qonun imonli kishi uchun o'lik, demak qonun imonli hayotida o'rin e'gallamaydi va imonli Masihga xizmat qilishga e'rklidir) va boshqa e'rga tegsa ham, zino qilgan hisoblanmaydi. (e'ndi imonli Masih bilan nikohlangan va qonun oldida hech ham qarzdor e'mas).
4Shunga o'xshab, sizlar ham, e'y birodarlarim, Boshqasiga (Masih haqida gap ketyapti), ya'ni qayta tirilgan Masihga tegib (biz Iso bilan yangi hayot kuchida qayta tirildik, hamda U bizning hamma muhtojliklarimizni o'shanda qondirgani, hozir qondirishi va kelajakda ham qondiraverishini biz aniq tushunib olishimiz kerak; U biz uchun xochda qilga ishini doim e'sda tutib, shuning asosida faqat Isoga nazar tashlaymiz) va Masih badanining bir qismi bo'lib (aniqrog'i: Masih badani orqali biz Ilohiy Qonun oldida o'ldik; bu ibora Masihning xochda mixlangani haqida so'zlaydi, shu ish orqali Iso biz talablarini bajara olmagan qonunni talablarini to'liqligicha qondirdi; Masih buni biz uchun qildi; shunday qilib, qonunni har taraflama bajarish orqali masihiy e'ndi qonun oldida hech ham qarzdor e'mas, faqat Masihga va U xochda bajargan ishi oldida majburiyatimiz bor), Ilohiy Qonun oldida o'lgan hisobidasiz (qonun o'lik e'mas, balki biz qonunga nisbatan o'likmiz chunki uning ta'siriga nisbatan o'likmiz; demak biz qonun orqali Xudo uchun yashashga harakat qilishimiz kerak e'mas degani, qonun deganda Muso Qonuni yoki boshqa odamlarning qonunlari yoki o'zimiz o'ylab topgan qonunlarni nazarda tutyapmiz; biz har qanday qonunga nisbatan o'lik bo'lishimiz kerak). Bu e'sa Xudo yo'lida samarali bo'lishimiz uchundir. (imonli kishi yaxshi meva yoki hosil keltirishi uchun u doimiy ravishda xochga qarashi shart; Masih va xochda qilingan ish hech qachon ajratilishi kerak e'mas; kim-ki shunday qiladigan bo'lsa, u “boshqa bir Isoni” va'z qilyapgan bo'ladi [2-Korinfliklarga 11:4]).
5Zero biz irsiy tabiatimiz amri bilan yashagan vaqtlar (bu erda kishi najot topmagan payti xaqida yoki masihiy kishi gunoh qudratini engish uchun o'z kuchi bilan ya'ni gunohkor tanasi bilan harakat qilgan payti haqida gap ketyapgan bo'lishi mumkin), Ilohiy Qonun oshkor qilgan (qonun ta'sirida gunoh oshkor bo'lib qoladi; qonun shu maqsadda ham berilgan e'di, bunda bu Xudo Qonuni yoki odamlar qonuni bo'lishi mumkin; bu bilan qonun yomon yoki yovuz demoqchimasmiz, chunki qonun yomon e'mas; qonunda g'alaba yo'q, faqat u orqali gunoh va uning jazosi namoyon bo'ladi) gunohkor e'htiroslar (gunohkor tabiat qudrati ostida bo'lish haqida va gunohkor tabiat e'htiroslari haqida gap ketyapti) a'zoyi badanimizda amal qilar va o'lim uchun zamin hozirlar e'di. (imonli kishi qonun bajarish bilan Xudo uchun yashamoqchi bo'lsa, buning natijasi gunoh va mag'lubiyat bo'ladi, zero bu faqat shunday natijaga olib keladi; afsuski ko'pchilik imonlilar aynan shunday yo'l bilan yashayaptilar. Yana qaytarib aytamizki, agar imonli kishi muqaddaslanish jarayonida xoch qanday o'ringa e'galigini tushunmasa, unda u qonun bajarish bilan Xudo uchun yashashga harakat qiladi; hozirgi kunlarda ko'pchilik jamoatlar inoyat ostidamiz, deb o'ylaydilar, lekin aslida ular qonun ostida yashayaptilar, chunki ular xochni tushunmaydilar).
6E'ndi e'sa ilgari bizni bog'lab turgan (ilgari gunoh tabiati bizni bog'lab turardi) Qonun qarshisida o'lib (Masih bilan xochda o'lish orqali qonun uchun ham o'lgan bo'lamiz), Qonundan ozod bo'ldik (qonunning adolatli talablaridan ozod bo'ldik, chunki Masih qonun jazosini to'ladi). Shunday qilib, biz e'ski harfma-harf yo'l bilan e'mas (bu Muso qonuniga oid gaplar; ko'p zamonaviy imonlilar Muso qonuni bilan yashamayapmiz deyishi mumkin, lekin ilgari aytganimizdek, agan imonli kishi muqaddaslanish jarayonida xoch qanday o'rinni e'gallashini tushunmasa, unda u o'sha e'sk qonun ostida yashayotgan bo'ladi), balki yangi Ruh yo'li bilan yurib, Xudoga xizmat qilmoqdamiz. (bu erda inson ruhi e'mas, balki Muqaddas Ruh haqida gap ketyapti; masihiy e'ndi yangi yo'l bilan hayot kechiradi - bu Masihga ishonish va bizning o'rnimizda xochda qilgan ishiga ishonishdan iborat; mana shu doimiy g'alabamizga kafolat bo'ladi).
Gunohga qarshi kurash
7Xo'sh, nima deylik (shu bobning 1-6-oyatlarida imonli kishi e'ndi qonun ostida e'masligini Pavlus ko'rsatdi; bobning qolgan oyatlarida e'sa u quyidag haqida gapiradi: o'zini qonun ostiga qo'ygan imonli kishi, inoyat manbalaridan judo bo'ladi va mag'lubiyatga uchraydi)? Nahotki Ilohiy Qonun gunohga bois bo'ldi? - Aslo (inson Xudo qonuni natijasida yomon ahvolga tushmagan e'di, zero qonun muqaddas e'di; lekin qonun orqali inson ahvoli namoyon bo'lib qoldi)! Ammo agar Qonun vositachi bo'lmasa e'di, men gunohni bilmagan bo'lar e'dim (ya'ni Muso Qonuni gunoh nimaligini aniq ta'riflab bergandi, lekin gunohni engish uchun kuch-quvvat bermas e'di). Qonun “tamagirlik qilma” deb buyurmaganda e'di, men tamagirlikni bilmas e'dim. (taqiqlangan narsaga bo'lgan istak - gunohning birinchi shaklidir; bu erda gunoh tabiat qanday harakat qilishini ko'rsak bo'ladi).
8Shu tariqa gunoh (gunoh tabiati) amr orqali bahona topib, mening yuragimda har turli tamagirlikni hosil qildi (tamagirlik “yovuz xohishlar” degani, ya'ni agar imonli xochdan o'zgacha usul bilan Xudo uchun yashamoqchi bo'lsa, uning ustidan yovuz xohishlar hukmronlik qiladi; kishi qanchalik ixlosli bo'lmasin bunday jarayonni u to'xtata olmaydi, aksincha uning holati besh battar bo'lib ketaveradi). Qonun yo'qligida e'sa, gunoh kuchsizdir. (aslida “gunoh o'lik” deb yozilgan; Muso Qonuni inson yuragida allaqachon mavjud bo'lgan narsani namoyon qildi; Xudo Qonunni berishining sabablaridan biri shudir).
9Bir vaqtlar men o'zim Ilohiy Qonundan tashqarida bo'lib yashar e'dim (aslida “Qonunsiz yashar e'dim”; bu erda Pavlus o'zi haqida va Masihni qabul qilgani haqida gapiryapti; uning imonga kelishiga Qonun aloqador e'mas e'di; Masihda yashayotgan hayotiga ham qonun aloqasiz e'di). Ammo [ongimda] amr tug'ilgach (yunon tilida “ongimda” so'zi yo'q bo'lib, “amr kelganda” deb yozilgan; Pavlus e'ndi najot topganidan keyin, Masih xochini tushunmaganligi uchun amrlarni bajarish orqali Xudo uchun o'z kuch-qudrati bilan yashashga harakat qilayotgan e'di; lekin o'sha paytda hech kim xochni tushunmas e'di ham; keyinchalik Yangi Ahd ma'nosi bo'lgan xoch ma'nosi Pavlusga berilgan e'di), gunoh tirildi (bunday holda har doim, istisnosiz, gunoh tabiati tiriladi va buning natijasi mag'lubiyat bo'ladi),
10men e'sa o'ldim (u jismonan o'ldim, demayapti, bu hammaga ayon bo'lsa kerak, balki amrga nisbatan o'ldim, deyapti; boshqacha qilib aytganda, u qancha tirishqoqlik bilan harakat qilmasin baribir mag'lubiyatga uchrardi; hamma imonlilir shuni tushunishi kerak-ki, agar havoriy Pavlus bunday usul bilan Xudo uchun yashay olmagan bo'lsa, siz ham bunay usul bilan yashay olmaysiz). Hayot uchun bo'lgan amr (O'nta Amr haqida gap ketyapti) mening o'limimga sabab bo'ldi (ya'ni Qonun gunohni oshkor qildi, har doim ham oshkor qiladi, gunohning e'vazi e'sa o'limdir; boshqacha qilib aytganda, qonun bilan yashashga harakat qilish orqali g'alaba e'rishish mumkin e'mas; biz ishonch bilan yashashimiz kerak, ishonch deganda biz Iso Masih va xochga bo'lgan ishonchni nazarda tutyapmiz).
11Chunki gunoh (gunoh tabiati) amr orqali bahona topib (amr aybdor e'mas, balki aslida amr gunoh tabiatiga ta'sir qilib, uni yuzaga chiqardi; amr yoki qonun shunday vazifani bajarish uchun mo'ljallangan e'di), meni aldadi (Pavlus, e'ndi Masihni qabul qilganimdan keyin Xudoga har tomonlama itoatkor bo'la olaman, deb o'ylagan e'di; biroq u itoatkor bo'la olmasligini ko'rdi, siz ham shunday usulda buning uddasidan chiqa olmaysiz), amr orqali meni o'ldirdi (qonun bajarish orqali Xudo uchun yashashga u qancha urinmasin, baribir mag'lubiyatga uchradi; yana bir bor qaytaray - siz ham xuddi shunday ahvolga tushasiz).
12Bundan ko'rinadiki, Qonun - muqaddasdir (qonun orqali Xudo O'zini qandayligini ko'rsatadi; muammo Xudo qonunida e'maas, balki muammo bizdadir), har bir amri ham muqaddas, odil va yaxshidir (qonun oynaga o'xshab, kishiga o'zini qanaqaligini ko'rsatadi, lekin uni o'zgartirishga hech qanday kuchi yo'q bo'ladi).
13Shunday e'kan, yaxshi bo'lgan amr menga o'lim keltiradimi? - Mutlaqo (yana qaytaraylik, muammo qonunda e'mas, balki odam ichidagi gunoh qonunga qarshilik qiladi)! Biroq, gunoh (gunoh tabiati) - gunoh deb ochiq bilinishi uchun (qonun qanday maqsadda berilganligini ko'ryapmiz, ya'ni gunoh o'zi qandayligini ko'rsatyapti), yaxshilik orqali menga o'lim keltirdi (qonun yaxshi e'di, hozir ham yaxshi, biroq kishi qonunning ahloqiy yoki moral qoidalarini xochga bo'lgan doimiy ishonch vositasiz bajarmoqchi bo'lsa, buning natjasi hayot e'mas, o'lim bo'ladi; bularning hammasiga e'rishsa bo'ladi, faqat Massihga va xochga ishonish orqali), toki gunohning (gunoh tabiatining) nihoyat darajada gunohligi amr orqali anglashilsin. (mana shu narsa imonlini chalg'itadi; u Xudo uchun yashashga harakat qilyapti, bunda u bor kuchi-qudratini ishga solyapti, lekin shunga qaramasdan u mag'lubiyatga uchraydi;u nimaga shunday bo'lyapganligini tushunmaydi! Gap shundaki, hech kim bunday usul orqali Xudo uchun yashay olmaydi; bu Xudo belgilagan g'alaba tartibi e'mas, bu tartib xochdir).
14Bizga ma'lumki, Ilohiy Qonun tabarrukdir (aslida “Ilohiy Qonun muqaddasdir”; qonun butunlay Xudoniki va Xudodanligini bildiradi). Biroq men e'sa - gunohga qul bo'lib sotilgan ojiz bandaman. (Odam Atoning gunohga yiqilgani haqida gap ketyapti, bu hodisa har doimga butun insoniyatga ta'sir qildi; bu degani xochga ishonmagan kishi, hatto Muqaddas Ruhga to'lgan imonli bo'lsa ham, Xudo qonunini bajara olmaydi; boshqacha qilib aytganda, hamma narsa Masihdadir).
15Shundan o'zim qilayotgan ishlarni (xato, mag'lubiyatlarni) o'zim tushunmayman (bu so'zlarni ayrimlar aytishicha, najot topmagan odam yozmagan, balki harakat qilyapgan va yiqilyapgan imonli yozgan): men nimani xohlasam, uni qilmayman (u Masihga itoatkor bo'lmoqchi, lekin aksiga olib buning uddasidan chiqolmaydi, nega? Pavlus tushuntirgandek, imonli kishi Masih bilan turmush qurgan, lekin qonun bilan ruhiy munosabatda bo'lish orqali u Masihga sadoqatsiz bo'lyapti, buning natijasida Xudo inoyati ishdan chiqadi; bu degani Muqaddas Ruh bunday imonliga yordam bermaydi, va shu bilan mag'lubiyatga uchrashi kafolatlanadi [Galatiyaliklarga 2:21]) va nimani yomon ko'rsam, uni qilaman. (uning hayotidagi gunoh haqida gap ketyapti, u shu gunohni qilishni istamaydi, hatto undan nafratlanadi, lekin o'zini to'xtata olmaydi; afsuski, muqaddaslanish jarayonida xoch qanday o'rinni e'gallashini tushunmasdan, hozirga zamondagi ko'p imonlilar shunday nochor ahvoldadir).
16Agar men xohlamagan narsani qilayotgan e'kanman (Pavlus o'z irodasiga qarshi bo'lgan narsani qilyapganligini bildiradi; u shu narsani (bu narsa nima bo'lishidan qat'iy nazar) qilishni istamaydi, hamda shuni qilmaslikka harakat qiladi, lekin baribir shuni qiladi), bu bilan Qonunning yaxshi e'kanligini ma'qullayotgan bo'laman. (Xudo qonuni qanday ishlashi kerak bo'lgandek ishlayotganini bildiradi; qonun gunohni ta'riflab beradi va agarda to'g'ri yo'l bilan ish tutilmasa insonda gunoh tabiati hukmronlik qilishini e''lon qiladi).
17Demak, bu ishlarni men o'zim e'mas (bu so'zlarni ko'p odamlar noto'g'ri talqin qilib kelishgan; bu so'zlarning ma'nosi shunday: “Men mag'lubiyatga uchrayapgan bo'lishim mumkin, lekin men bunday qilishni istamayman”; har qaysi haqiqiy masihiy gunoh qilishni xohlaymaydi, chunki e'ndi uning hayotida Ilohiy tabiat mavjud va uning hayotida gunoh e'mas, balki ushbu Ilohiy tabiat xukmdor bo'lishi kerak [2-Butrus 1:4]), balki yuragimdagi (aslida “menda” yoki “ichimda” deb yozilgan; ayrim va'zxonlar gunoh tanasi masihiylardan chiqib ketadi, deb aytishlariga qaramasdan, Pavlus bu erad aniq-oydin gunoh tanasi masihiylarda mavjud bo'ladi, deb aytyapti; shunga qaramasdan, agar ishonchimiz doim xochda bo'lsa, gunoh tabiatimiz kuchsiz bo'ladi va bizga ta'sir qilmaydi; agar ishonchimiz boshqa narsada bo'lsa gunoh tabiatimiz bizga muammo olib keladi; gunohtabiati “ichimizda” bo'lishi mumkin, lekin u bizning ustimizdan hukmronlik qilishi kerak e'mas) gunoh (gunoh tabiati) qilayotgan bo'ladi.
18Menda, ya'ni irsiy (bashariy )tabiatimda yaxshi narsa yo'qligini aniq bilaman (insonning shaxsiy qobiliyati haqida gap ketyapti; aniqrog'i, ruhiy masalalarga kelganda inson qobiliyati Muqaddas Ruh qobiliyati oldida qanchalik ojiz e'kanligini ko'ramiz). Yaxshilik qilish istagi dilimda (aslida: menda) bor bo'lsa-da (Pavlus bu erda o'zining irodasi haqida gapiryapti; afsuski, hozirgi kunda ko'p imonlilar o'z irodalari bilan Xudo uchun yashashga harakat qilyaptilar, chunki ular Masihni qabul qilganlaridan keyin ular gunohga bemalol “yo'q” deb ayta olamiz, deb o'ylaydilar; bu masalaga noto'g'ri yondashishdir; imonli kishi irodasi kuchi bilan Xudo uchun yashay olmaydi; albatta, inson irodasi ahamiyatli bo'lsa-da, faqat uning o'zi etarli e'mas; imonli doim Masihga va xochga ishonishi kerak; ana o'shanda u Masihga “ha, xo'p bo'ladi” deyishga kuch va qobiliyatga e'ga bo'ladi, bu e'sa avtomatik ravishda bu dunyo narsalariga “yo'q” deydi), uni ro'yobga chiqarishga kuchim etmaydi (xochdan tashqarida yaxshilik qilishning umuman iloji yo'q).
19Men istagan yaxshi ishni qilmayapman (agar men xochga e'mas, balki o'zimga tayansam - shunday bo'ladi), aksincha, istamagan (qilishni xohlamagan) yomon ishni qilyapman (xochdan tashqarida yashashga harakat qilyapgan har bir imonli kishi shunday natijaga e'ga bo'ladi, u shu yomon ishni qilmaslikka qanchalik ko'p harakat qilishidan qat'iy nazar [Galatiyaliklarga 2:20-21]).
20Agar istamagan ishni qilayotgan e'kanman demak (imonli Xudo belgilagan tartibdan tashqarisida o'z hayotini yashashga harakat qilsa, aynan shunday vaziyatga uchraydi), bu ishni men o'zim e'mas, balki ichimda turadigan (bu erda imonlida gunoh tabiati borligi aniq-oydin yozilgan; agar yunon matnida gunoh so'zi oldida aniq artikl bor bo'lsa, gunohli ishlar e'mas, balki gunohkor tabiat yoki yovuz tabiat haqida gap ketyapgan bo'ladi; shunday qilib bu erda gunoh tabiatni yo'q qilish e'mas (buning iloji yo'q), balki uni nazort qilish haqida gap ketyapti; havoriy Pavlus e'sa gunoh tabiatni qanday nazorat qilishni Rimliklarga 6-8-boblarda aytgan; oxir zamonda karnay chalinganda biz o'zgaramiz va o'shanda gunoh tabiati hech qachon bo'lmaydi [Rimliklarga 8:23]) gunoh (gunoh tabiati) qilyapti.
21Men bundan ushbu qoidani (aslida “qonunni” deb yozilgan; bu Muso qonuni haqida e'mas, balki “gunoh va o'lim qonuni” [Rimliklarga 8:2] haqida gap ketyapti; ) chiqaraman: yaxshilik qilmoqchi bo'lganimda, qalbimda (ichimda) hamisha yomonlik (yovuz tabiat) poylab turadi (ya'ni bu hayotda gunoh tabiati doim imonli ichida bo'ladi; yunon matnida gunoh tabiati imonlida vaqtincha mavjud bo'ladi deyilmagan, lekin karnay chalinganda bu ahvlo albatta o'zgaradi; biz faqat bitta yo'l bilan gunoh tabiat bilan kurashishimiz mumkin, bu ham bo'lsa Masih va xochga ishonish yo'lidir; keyinga bobda Pavlus shu haqda batafsil so'zlab beradi).
22Xudoning Qonunidan (ya'ni O'nta Amrda pinhon bo'lgan Xudoning moral qonuni) ichki borlig'im (e'ndilikda qayta tug'ilgan inson ruhi va joni haqida gap ketyapti) zavq oladi-yu,
23ammo a'zoyi badanimda boshqa bir qonun ish ko'radi (aslida “boshqa bir qonunni ko'ryapman” deb yozilgan; bu nopoklik asbobi sifatida mening jismoniy tanamni ishlatmoqchi bo'lgan gunoh va o'lim qonunidir): bu qonun ongim ma'qullagan Xudo Qonuniga qarshi kurashib turadi (aslida” “bu qonun ongim qonuniga qarshi kurashib turadi” deb yozilgan; ya'ni bu xohish va iroda qonunidir) va a'zoyi badanimda (bu qonun badanim uzvlari orqali ish olib boradi va meni gunoh va o'lim qonuniga asir qiladi; agar imonli doim Masih va xochga ishonishda davom e'tmasa, u qanchalik ixlosli bo'lmasn, shunday ahvolga tushadi; xoch orqali zulmat kuchlari va xizmatkorlari mag'lubiyatga uchraganlarini har bir imonli bilib olishi shart [Kolosaliklarga 2:14-15]) amal qiluvchi gunoh qonuniga (gunoh va o'lim qonuni) meni asir e'tadi.
24Oh, men sho'rlik odam (Xudoning belgilagan tartibidan (ya'ni “Iso Masih va Uning xochda mixlangani”) tashqarida bo'lib, Xudo uchun yashashga harakat qilgan har qanday imonli nochor ahvoldagi sho'rlik odam bo'ladi. Bu hayotimizni faqat yagona yo'l bilan yashashimiz mumkin, bu yo'l e'sa xochdir)! O'limga giriftor shu badanimdan meni kim qutqarar e'kan? (u “kim” deb savol berganida g'alabaga eltuvchi yo'lakni topadi, chunki u e'ndi bir Zotdan yordam so'rayapti, bu Zot e'sa Iso Masihdir; yunon tilida “kim” so'zi e'rkakka tegishli bo'lib, shaxs haqida gap ketyapganligini bildiradi).
25- Xudoga shukr, Rabbimiz Iso Masih soyasida (aslida “Rabbimiz Iso Masih orqali Xudoga minnatdorman” deb yozilgan; bu erda Pavlus o'z savoliga to'g'ri javobni ochib beryapti; qutqarilish Iso Masih orqali, ya'ni faqat Iso Masih orqali keladi, agar yana aniqroq qilib aytadigan bo'lsak - qutqarilish Iso xochda qilgan ishi va qayta tirilishi orqali keladi) O'zi qutqaradi! Xullasi kalom, men ongim bilan Xudo Qonuniga rioya e'tsam-da (“iroda” miltiq tepkisidek bo'lib, miltiq portlovchi kuch bilan o'qlanmagan bo'lsa o'zicha iroda hech narsa qila olmaydi; bunday kuch e'sa xochdir), vujudim bilan gunoh qonuniga xizmat qilaman. (agar imonli “gunohli tanaga” [ya'ni shaxs irodasi, urinishi, diniy jonkashligi; bu ibora bilan biz Masih va xochdan tashqari bo'lgan imonlining shaxsiy harakati va qobiliyatlarini tushunamiz] tayansa, u Xudo qonuniga e'mas, balki gunoh qonuniga xizmat qiladi).

No comments: