2008-01-26

Qurbonlik qoni bilan gunohlar yuvilishi

Menga oldingi maqolalar bo'yicha shunday savol tushdi:

"Xudo nazarida Isoning qoni juda ham katta qadrga e'ga bo'lgani uchun, U unga qandaydir narsa qo'shilishi yoki aralashishiga yo'l qo'ymaydi” – degan fikrni qanday tushunsa bo'ladi? Qanday qo'shilish yoki aralashish haqida gap ketayapti? Oldindan raxmat.


Shu savolga bergan javobim:

Savolingizga qisqacha javob: faqat Iso qoni orqali biz najot topamiz, shuning uchun Uning qoniga boshqa hech narsa qo'shish yoki aralashtirish mumkin e'mas. Galatiyaliklarga yozilgan maktub bunga yaqqol misol bo'la oladi, u erda xushxabarga xatna (sunnat) qilish qo'shilganligi haqida gap ketadi, Pavlus aynan shunday qo'shilishga qarshi chiqadi. Xushxabar e'sa Iso Masih va Uning xochda mixlanganligi haqidadir.

E'ndi shu savolga to'liqroq javob:

Leviylar 7:11 “Tana joni qondadir, Men uni (qonni) sizlarga qurbongoh ustida berdim, toki qon orqali joningiz oqlansin: zero jonni qon oqlaydi (poklaydi, yarashtiradi)”.

Demak Iso Masih xochda o'lib, O'z qonini to'kkanda – U O'z jonini bergan e'di; bu e'sa najot topishning yagona yo'lidir. Inson gunohkor bo'lgani uchun, u o'limga munosibdir, chunki gunohning e'vazi – o'lim (Rim. 6:23). Lekin Xudo odamga shu vaziyatdan qanday qutulish yo'lini ko'rsatdi – bu qurbonlik qilish e'di. Ya'ni gunohkor inson uchun aybsiz jon qoni to'kilib, unga kechirim beriladi. E'ski Ahddagi qurbonliklar Iso Masih qurbonligiga ishora qiladi; ular soya e'di, Iso Masih e'sa haqiqiy qurbonlikdir. Shuning uchun (Ibtido 4-bob) Xudo Qobil hadyasini qabul qilmasdan, Hobilning qurbonligini qabul qiladi. Chunki Hobil o'z gunohi uchun qo'y qonini to'kib, qurbonlik keltirdi, Qobil e'sa bunday qilmadi, u boshqa yo'l bilan Xudoga yaqinlashmoqchi bo'ldi. Lekin Xudoga yaqinlashishning yo'li bitta – u ham bo'lsa Iso Masih qoni orqalidir.

Yuqoridagi oyatda Xudo shunday deyapti “Men sizlarni oqlash uchun O'z jonimni, O'z qonimni berdim; oqlanish Mening qonimdadir”. Demak xochda Iso qoni to'kilgani uchun biz oqlanib, poklanishimiz mumkin.

Najotimiz Iso qoni va yana boshqa narsaga bog'liq e'mas, faqat Iso qoniga bog'liq! Ayrimlar Iso qurbonligini va qonini rad e'tishadi, yana boshqalar e'sa Isoning qurbonligi va qoniga nimanidir qo'shmoqchi bo'lishadi. Bu ikkala yo'l ham noto'g'ri va oxiri yomon bo'ladi. Muqaddas Kalom bo'yicha e'sa najot (oqlanish, poklanish va muqaddaslanish) faqat Iso qoni orqali sodir bo'ladi.

Mana shu fikrni sizga bildirmoqchi e'dim; quyidagi oyatlarni o'qib ko'ring:

  • Ibroniylarga 9:22;
  • E'fesliklarga 1:7;
  • Kolosaliklarga 1:14;
  • 1-Yuhanno 1:6-7;
  • Vahiy 12:10-11.

==============================

Agar sizda qandaydir savol bo'lsa, "komment" so'ziga bosib o'z savolingiz yoki izohingizni yozib qoldirsangiz bo'ladi.

No comments: