2008-07-15

O'sish uchun sinish

“So'ng U xaloyiqqa o't ustiga yonboshlashlarini buyurdi. Beshta non bilan ikkita baliqni olib, osmonga qarab duo qildi. Nonlarni sindirib shogirdlariga berdi, ular e'sa xaloyiqqa tarqatishdi. Hammalarining qorni to'ydi. Ortib qolgan burda nonlarni terib olishganda, to'la o'n ikki savat chiqdi.” (Matto 14:19-20).


Yuqoridagi oyatlarda masihiy, ya'ni chindan ham Rabbimizga e'rgashmoqchi bo'lgan imonli hayotini belgilovchi tartib ko'rsatilgan. Mana shu tartib quyidagicha bo'ladi:

1. “U oldi”: Iso beshta non bilan ikkita baliqni olishi – biz qayta tug'ilgan (najot topgan) paytda U bizni olganiga o'xshatsa bo'ladi.

Mana bunga e''tibor bering: Iso minglab odamlarni boqish uchun o'sha non va baliqni ko'paytirgani kabi, U bizni ham ko'paytirmoqchi bo'ladi. Agar biz chindan ham Unga e'rgashsak, ya'ni boshqacha qilib aytganda, agar biz yuqoridagi oyatlarda keltirilgan tartibga rioya qilsak, minglab odamlar ruhan oziqlanadilar va ruhan shifo topadilar.

2. “U duo qildi yoki barakatladi”: kishi najot topishi bilanoq Rabbimiz uni barakatlashni boshlaydi. E'ndi imonga kelgan odamga dalda berish uchun turli yo'nalishlardan barakatlar kela boshlaydi. Bu davr barakat davridir, biroq biz bunday holatda turib qolmaymiz, chunki Rabbimiz bizga bundan ham buyukroq narsalarni tayyorlab qo'ygan.

Ko'p masihiylar shunday holatda bo'lganlarida boshqalarga “barakat” bermoqchi bo'ladilar, lekin buning natijasida Rabbimiz e'mas, balki odam ulug'lanadi. Shuning uchun oxir-oqibati ijobiy bo'lmaydi.

3. “U sindirdi”: barakatdan keyin sinish davri keladi va buni hech kim yoqtirmaydi. Lekin Xudo istagan odamga aylanmoqchi bo'lsak, bundan qochib ketolmaymiz. Ya'ni sinish jarayonini boshimizdan kechirishimiz shart. Bu jarayon bizga og'riq va qayg'u keltirsada, usiz o'sish va o'zgarish bo'lmaydi!

Yahyo payg'ambar Iso haqida gapirib shu jarayon haqida ham aytib o'tgan e'di: “Uning panshaxasi qo'lida tayyor turibdi. U o'z xirmonini shopirib tashlaydi; bug'doyini omborga to'plab, somonni so'nmas o'tda yondirib yuboradi.” (Matto 3:12).

4. “U berdi”: biz etarli darajada singanimizdan keyingina bizni boshqalarga bersa bo'ladi. E'ndi e'sa vaziyat umuman o'zgargan bo'ladi. E'ndi bizning shaxsiyatimiz (o'zligimiz) ulug'lanmaydi, balki Xo'jayinimiz ulug'lanadi. E'ndi biz ko'payishimiz mumkin, buning natijasida e'sa katta muhtojlikdagi minglab odamlar ruhiy ozuqa oladilar.

Afsuski, ko'pgina odamlar shu sinish jarayonidan o'ta olmaydilar. Ular to'xtab, imonni yo'qotadilar, ko'ngillari tushadi va shuning uchun e'ng buyuk barakatdan mahrum bo'ladilar.

No comments: